“Semurg Insurance” kompaniyasi rahbariyati 7-8 sentabr kunlari Samarqand shahrida tashkil etilgan "Oziq-ovqat xavfsizligi xalqaro anjumani"da faol ishtirok etdi.
Anjuman Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan tashkil etildi va unda 70 dan ortiq davlatdan delegatsiya vakillari, yuqori martabali diplomatlar, xalqaro ilmiy va moliyaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Anjuman yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiya oilaviy hamda kichik fermer xo‘jaliklarini davlat darajasida qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda klaster va dehqon xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi tavakkalchiligini sug‘urtalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini tasdiqlaydi.
Uchrashuv davomida “Semurg Insurance” kuzatuv kengashi raisi Georgiy Lavrishchev Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi haqida shunday ta'kidladi: “Biz O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘ini yangi bosqichga ko‘tarishga sababchi bo'ladigan tadbirda ishtirok etmoqdamiz. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlovchi sug‘urta tizimini joriy etish va qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish muhim tashabbuslar qatoridadir. Mazkur tizimni rivojlantirishda “Semurg Insurance" kompaniyasining xalqaro va mahalliy ekspertlari faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishiga salmoqli hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz”.